Nukusda havoni sovutish sohasidagi mutaxassislar uchun trening

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi sovitish texnikasi mutaxassislari uchun sovitish va havoni konditsionerlash uskunalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha malaka oshirish treninglarini tashkil etishni davom etmoqda. Hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasining turli tumanlaridan kelgan 25 nafar mutaxassis Nukus shahrida bo‘lib o‘tayotgan uch kunlik treningda ishtirok etmoqda.

Ushbu treninglar O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi, Global ekologik jamg‘armasining OYMni ishlab chiqarish va iste’molini qisqartirish hamda Yerning yupqa ozon qatlamini himoyalashga yo‘naltirilgan “Iqtisodiyotni o‘tish davridagi mamlakatlar (IO‘DM) hududida gidroxlorftoruglerodlardan (GXFU) foydalanishni jadal qisqartirishning birlamchi bajarilishi – O‘zbekiston Respublikasi” loyihasi doirasida tashkil qilinyapti.