Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar (OQYM) chiqindilarini boshqarish bo‘yicha seminar

2017 yil 2-mart kuni Toshkent shahrida ozon qatlamini yemiruvchi moddalar bilan ish olib boruvchi davlat tashkilotlari va agentliklari hamda davlat va xususiy korxonalarning vakillari ishtirokida “Ozon qatlamini yemiruvchi moddalar (OQYM) chiqindilarini boshqarish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida xalqaro consultant, janob Aleksandr Shaykin chiqindilarni boshqarish bo‘yicha xalqaro tajriba yuzasidan o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Bundan tashqari, seminar doirasida ishtirokchilar beshta masala bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi. Bular: OQYM chiqindilarini boshqarish, jumladan ularni jamlash, saqlash va yo‘q qilish; OQYM ma’lumotlarini boshqarish; OQYM chiqindilari bilan ishlashda malaka oshirish; OQYM chiqindilarini boshqarish sohasidagi qonunchilik; va OQYM chiqindilarini boshqarish jarayonini moliyalashtirish.

Shunisi e’tiborliki, ushbu seminar davomida berilgan takliflar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqilayotgan OQYM chiqindilarini O‘zbekiston Respublikasida boshqarish bo‘yicha milliy konsepsiyasiga kiritilishi kutilmoqda.

Ushbu seminar O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi va Global ekologik jamg‘armasining “Iqtisodiyotni o‘tish davridagi mamlakatlar (IO‘DM) hududida gidroxlorftoruglerodlardan (GXFU) foydalanishni jadal qisqartirishning birlamchi bajarilishi – O‘zbekiston Respublikasi” loyihasi doirasida tashkil qilindi.